Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi chaqiriq Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ishtirok etmoqda.
Mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish Senatning ustuvor vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Endi xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qiladi. Prezidentimiz ushbu siyosiy islohot orqali xalqimizning 30 yillik orzusi ro‘yobga chiqqanini ta’kidladi.
Bu yil hokimlarning 33 ta vakolati kengashlarga olib berildi, yana 17 ta vakolatni o‘tkazish reja qilingan. Misol uchun, ichimlik suvi tarifiga ustama, davlat ob’ektlari va bozorlarda ijara to‘lovlari kabi jami 7 turdagi mahalliy yig‘imlar miqdorini tasdiqlash vakolati ham mahalliy kengashlarga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, kengash so‘rovi va kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Mahalliy kengashlar tomonidan har yarim yilda qilingan ishlar bo‘yicha matbuot anjumanlari o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsa, bu ularning faoliyatida oshkoralik va hisobdorlikni kuchaytirishi ko‘rsatib o‘tildi.
Ushbu chora-tadbirlarning barchasi mamlakatimizda davlat boshqaruvini quyi bo‘g‘inga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganidan dalolat beradi.
O‘zA