Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zladi.
–O‘ttiz yetti milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan O‘zbekistondek katta davlatning parlamenti a’zosi bo‘lish, shubhasiz, har bir deputat uchun ulkan sharafdir, – dedi Prezident.
Ayni vaqtda xalqimizning hurmat va e’tiborini, orzu-umidlarini har kuni, har daqiqada his etib, ana shu yuksak ishonchga munosib mehnat qilish – beqiyos mas’uliyat.
– Deputat – bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan insondir. Oila, mahalla va butun jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqaro maydonda O‘zbekiston manfaatlarini qat’iy himoya qilishda xalqimiz, barchamiz, avvalo, sizlarga tayanamiz.
Men Prezident sifatida sizlarni bu yo‘lda doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Ishonchim komil, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, sidqidildan mehnat qilib, jonajon Vatanimizni, albatta, tom ma’noda erkin, obod va farovon mamlakatga aylantiramiz, – dedi Prezident nutqining yakunida.
Ayni paytda majlis davom etmoqda, deputatlar so‘zga chiqib, o‘z fikrlarini bildirmoqda.
O‘zA