Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zlamoqda.
Saylovlar to‘liq ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik muhitida o‘tgani, qo‘llangan zamonaviy texnologiyalar ham bu jarayonda muhim rol o‘ynagani ta’kidlandi.
Jumladan, saylovning barcha bosqichlari to‘liq raqamlashtirilib, “E-saylov” axborot tizimi joriy qilindi. Ovoz berish jarayonlarini onlayn kuzatish imkoni yaratildi, ilk bor elektron ovoz berish sinovdan o‘tkazildi.
Saylovlarni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi 13 ta nufuzli xalqaro tashkilot, 40 dan ziyod davlatdan 850 nafar xorijiy va 65 mingdan ziyod mahalliy kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining mingdan ortiq vakillari kuzatib bordi.
Prezidentimiz ularga saylov jarayonlari haqidagi xolis fikrlari va tavsiyalari uchun o‘z nomidan, butun xalqimiz nomidan tashakkur izhor etdi. Ushbu tavsiyalarning har biri chuqur o‘rganilib, amaliyotga tatbiq etish choralari ko‘rilishi ta’kidlandi.
O‘zA