O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Boku shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP29) doirasida xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda parlament rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi.

Jumladan, Senat Raisi Parlamentlararo ittifoq raisi Tuliya Ekson hamda Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida tomonlar O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq bilan doimiy hamkorligi, kelgusidagi rejalarni atroflicha muhokama qildi.

2025 yilning aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan 150-yubiley Assambleyaga tayyorgarlik ko‘rish, Barqaror rivojlanish maqsadlari bajarilishida parlament nazorati o‘rnatilgani, bu borada maxsus komissiyaning samarali faoliyati kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, yurtimizda ijtimoiy himoya tizimini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, inklyuziv va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishda parlamentning roli xususida fikr almashildi.

Shuningdek, Senat Raisi T.Norboyeva Ozarbayjon Milliy Mejlisi raisi Sohiba Gafarova bilan uchrashdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarining amaldagi holati, istiqboldagi rejalar va vazifalar muhokama qilindi.

Jumladan, ikki mamlakat o‘rtasida ekologiya va iqlim bo‘yicha parlament hamkorligini yanada mustahkamlash, bu borada o‘zaro tajriba almashish masalalariga e’tibor qaratildi.

N.Abduraimova, O‘zA