Xokkey bo‘yicha Qozog‘iston muntazam chempionati doirasida “Humo“ (Toshkent) “Beybaris“ (Atirau) klubini ikkinchi uchrashuvda ham mag‘lub etdi.
“Humo arena“ning kichik majmuasida o‘tgan mazkur uchrashuvda dastlab Anton Zlobin gol urib, “Beybaris“ni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, “Humo” tarkibida Edgars Siksna va Vasiliy Jilov raqib darvozasini ishg‘ol qildi. “Beybaris” jamoasi mag‘lubiyatdan qutilish maqsadida bir qator hujumlar uyushtirdi. Buning natijasida Yusup Asuzanov gol urgan holda hisob tenglashdi. Ammo har jabhada ustun bo‘lgan poytaxtimiz klubi, o‘yin tizginini o‘z qo‘liga oldi va Danila Karaban shaybani darvozaga aniq yo‘lladi.
Shu tariqa, “Humo“ (Toshkent) – “Beybaris“ uchrashuvi 3:2 hisobida yakunlandi. Natijada poytaxtimiz klubi ochkolarini 16 o‘yinda 21 taga yetkazib oldi va turnir jadvalining to‘rtinchi pog‘onasiga joylashdi. “Beybaris“ esa 14 ta o‘yinda 6 ochko bilan 10-o‘rinda qoldi.
Endi “Humo” xokkey jamoamiz, 18-19 noyabr kunlari Toshkentda “Aqtobe” klubiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Bu uchrashuvlar soat 19:30 da start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA