Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy va jurnalistlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Muhammad Ali Iskandariy bir qator xalqaro siyosiy masalalarga to‘xtaldi. Xususan, Isroil va G‘arb davlatlarining xalqaro ziddiyatlarga ta’siri, bunga musulmon davlatlarining pozitsiyasi, shuningdek, Amerikadagi saylovlar hamda Eron va O‘zbekiston hamkorligi va boshqa masalalar haqida fikr bildirildi.

Elchi savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida gapirarkan, Eron O‘zbekiston uchun eng arzon va eng qisqa transport koridori bo‘lishini ta’kidladi.

— Aksariyat Eron tovarlarini munosib narxlarda va yuqori sifatlarda O‘zbekiston uchun yetkazib berish imkoniyati bor, — deydi Muhammad Ali Iskandariy. — Eron bozori ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarga qiziqish bilan qaraydi.

Biz deyarli barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaramiz. Masalan, o‘tgan yili 40 ming dona traktor ishlab chiqardik. Biz ushbu texnikalarni munosib narxlarda va yuqori sifatda O‘zbekistonga yetkazib bera olamiz. Shuningdek, tibbiyot, tibbiyot jihozlari va tibbiy xizmatlar sohasida yetakchi davlatlar jumlasiga kiramiz. O‘zbekiston bilan jarrohlik va saraton kasalini davolash sohasida hamkorlik qilishga tayyormiz.

O‘zA