Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Xususan, Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan loyiha muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda qonun loyihasida sog‘liqni saqlash sohasi uchun ko‘zda tutilayotgan mablag‘lar atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, sog‘liqni saqlash sohasiga kelgusi yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti loyihasida 41,3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘lar jami Davlat byudjeti xarajatlarining 12 foizini tashkil etadi.

Sohaga ajratilgan mablag‘lar 2024 yilga nisbatan 6,8 trillion so‘mga yoki 20 foizga ko‘pligi, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun 2025 yilda 2,8 trillion so‘m, ya’ni, 2024 yildan 19 foizga ko‘p mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgani ijobiy baholandi.

Muhokamalarda deputatlar cog‘liqni saqlash sohasidagi dori vositalari, tibbiy buyumlar, vaksina va bakpreparatlar xaridiga ajratilayotgan mablag‘lar bo‘yicha o‘z fikr va munosabatlarini bildirdi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari tibbiyot muassasalari tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tkazilishi bilan bog‘liq masalalar, xususan, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi faoliyati bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

M.Komilova,

O‘zA