Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi uy-joy ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyatni tahlil qildi. Qayd etilishicha, oktyabr oyida uy-joy bozori savdolarida biroz o‘sish ko‘zatilib, so‘nggi ikki oydagi pasayish to‘xtadi. Uy-joy sotuvlari Toshkent va Jizzax viloyatlarida o‘sishni va Qoraqalpog‘istonda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatdi. Ikkilamchi bozorda narxlar deyarli o‘zgarmadi, uy-joy ijara bozoridagi vaziyat ham barqarorlashdi.

Oktyabr oyida ko‘chmas mulk bozori ijobiy dinamikani ko‘rsatdi. Ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni sentyabr oyiga nisbatan 0,6 foizga oshib, 21,4 mingtani tashkil etgan.

Ko‘chmas mulk bozori faolligi yiliga 2 foiz o‘sishi, uning tiklanishidan dalolat beradi. Oktyabr oyida ko‘chmas mulk bozorining hududlar kesimidagi dinamikasi Toshkent viloyatida (+10 foiz) sezilarli o‘sganini, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+8,1 foiz) va Jizzax viloyatida (+7,5 foiz) ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqda. 10 oylik ma’lumotlarga ko‘ra, oltita hududda faollik pasaygan, eng katta pasayish Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida kuzatilgan.

Oktyabr oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joylar bozori narxlari deyarli o‘zgarmadi. Oy davomida ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida eng katta o‘sish Andijon – 5,1 foiz va Sirdaryo – 3,3 foiz viloyatlarida qayd etildi. Yettita hududda ikkilamchi uy-joy narxining pasayishi kuzatilgan bo‘lsa, eng katta pasayish Namangan – 3,4 foiz, Xorazm – 3,2 foiz va Samarqand – 2,5 foiz viloyatlarida qayd etildi.

Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatildi, bu yerda kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 328 dollarni tashkil etadi. Ikkilamchi uy-joylarning eng yuqori narxi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, kvadrat metr uchun o‘rtacha 1100 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning Bektemir – 3,9 foiz va Yashnobod – 3,1 foiz tumanlarida sezilarli pasayish qayd etildi.

Umuman olganda, respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha qiymati yil davomida 6,5 foiz oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida shu davrda 1,3 foiz pasayish kuzatildi.

Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlari barqarorlashuvi davom etdi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan – 1 kv. m. uchun 8,3 AQSH dollari.

Oy davomida poytaxtning 14 ta markaziy tumanlaridan 5 tasida uy-joy ijarasi narxi pasaydi. Eng katta pasayish Sergeli va Uchtepa tumanlarida kuzatilib, bu tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 4,5 foiz kamaydi. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, eng arzon uy-joy ijarasi Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatilmoqda. Bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 6 dollarni tashkil etadi.

Umuman olganda Toshkent shahrida yil davomida uy-joy ijarasi 12 foizdan ko‘proq kamaydi. Eng katta pasayish Yashnobod – 18 foiz, Sergeli – 17 foiz va Mirzo Ulug‘bek – 15,2 foiz tumanlarida qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlaridagi faollik dinamikasi taqdim etib boriladi.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA