Xabar berganimizdek, Qozon shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. 30 dan ortiq davlatning eng sara kurashchilari ishtirok etayotgan jahon chempionatida kattalar o‘rtasidagi belbog‘li kurashning erkin va klassik yo‘nalishda ishtirok etgan O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasi 4 ta oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
Kecha 13 noyabr kuni U17 o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati bellashuvlarida Baxtiyor Turg‘unpo‘latov bosh murabbiyligidagi yosh polvonlarimiz 10 ta oltin, 4 ta kumush va 11 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, kattalar terma jamoamiz singari umumjamoa hisobida g‘oliblikni tantana qildi.
Mamlakatimiz belbog‘li kurashchilaridan Abdumajid Husanboyev, Murodulla Habibullaxonov, Sobirjon Abdullayev, Boburbek Abdumalikov, Muhammadqodir Karimjonov, Ezozbek Abduqayumov, Shohjahon Rahmatov, Jasmina Ma’murjonova, Arofat Muhammadova va Ro‘zixon G‘anijonovaning g‘olibligi sharafiga Qozon sport majmuasida Vatanimiz bayrog‘i yuksalib, madhiyamiz baralla yangradi.
Bugun, 14 noyabr kuni U 20 yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bellashuvlari boshlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA