Hindistonning Kalkutta shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tayotgan “Tata Steel Chess India” turnirining rapid yo‘nalishi bo‘yicha ortda qolgan 3 tur o‘yinlaridan so‘ng hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 2,5 ochko bilan yetakchilik qilmoqda.
Kecha o‘tkazilgan 1-turda Abdusattorov qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada ishtirok etayotgan rossiyalik Danil Dubov bilan durangga imzo chekdi. 2-turda germaniyalik Vinsent Kaymerga qarshi o‘yinni ham Nodirbek qora donalarda o‘tkazishiga qaramasdan g‘alabaga erishdi. 3-turda oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa ustidan muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Ushbu o‘yinlar natijasida hamyurtimiz 2,5 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalini boshqarib borayotgan bo‘lsa, keyingi pog‘onalardan joy olgan hindistonlik Sunildat Narayanan, AQSHlik Uesli So va sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen 2 ochko bilan Nodirbek Abdusattorovni ta’qib etmoqda.
Bugun, 14 noyabr kuni xalqaro turnir dasturiga muvofiq 4, 5 va 6-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Qizig‘i, ushbu uchta turda ham Abdusattorov hindistonlik shaxmatchilar bilan kuch sinashadi.
Nodirbek 4-turda qora donalarda Nihal Sarin bilan, 5-turda oq donalarda Vidit Gujrati bilan, 6-turda qora donalarda Sunildat Narayanan bilan bahs olib boradi.
Aytish lozim, mukofot jamg‘armasi 41 ming 500 AQSH dollaridan iborat turnirning 7, 8 va 9-tur o‘yinlari ertaga, 15 noyabr kuni tashkil etiladi. Bahslarga tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov 7-turni amerikalik Uesli So, 8-turni FIDE reytingida 4-o‘rinda borayotgan Arjun Ergaisiga qarshi o‘tkazadi.
Xalqaro turnirning rapid yo‘nalishidagi so‘nggi 9-turida hamyurtimiz sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen bilan ro‘baro‘ keladi. Aynan ushbu o‘yin “Tata Steel Chess India”ning markaziy bahsi bo‘lishidan tashqari, nafaqat yurtimiz, balki jahon shaxmat ishqibozlari diqqatini tortadigan “duel” darajasiga chiqishi shubhasiz.
17 noyabrgacha davom etadigan mazkur turnirning rapid yo‘nalishida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 10 ming, 2-o‘rin sohibi 6 ming, 3-o‘rin 3 ming, 4-o‘rin 2 ming, 5-o‘rin 1 ming 500, 6-o‘rin 1 ming va 7-o‘rindan joy olgan ishtirokchi 500 AQSH dollariga ega chiqadi.
Xuddi shuningdek, 16-17 noyabr kunlari o‘tadigan blits bahslarida 7-o‘ringacha joy egallagan shaxmatchilar tegishli tartibdagi mukofot mablag‘lari bilan taqdirlanadi.
Eslatib o‘tamiz, “Tata Steel Chess India” turniri 9 tur rapid (25+10) va 18 tur blits (3+2) yo‘nalishida bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA