Ijtimoiy tarmoqda yozishicha, saylangan Prezident Donald Tramp tadbirkor, “Tesla” va “Space X” asoschisi Ilon Maskni hukumat tarkibidagi Samaradorlik departamentina yangi rahbar etib tayinlash niyatida.

— Mamnuniyat bilan ma’lum qilamanki, buyuk Ilon Mask amerikalik vatanparvar Vivek Ramasvami bilan birga Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE)ni boshqaradi, — degan Tramp.

Bayonotda, jumladan, “Bu ikki ajoyib amerikalik birgalikda mening ma’muriyatimga hukumat byurokratiyasini yo‘q qilish, ortiqcha me’yoriy hujjatlarni qisqartirish, xarajatlarni kamaytirish va federal agentliklarni qayta qurish yo‘lini ochib beradi” deyilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi departament hukumatdan tashqarida tavsiyalar beradi va “keng ko‘lamli tarkibiy islohotlar”ni amalga oshirish va hukumatga nisbatan “avval ko‘rilmagan” tadbirkorlik yondashuvini yaratish uchun Oq uy, shuningdek, byudjet boshqarmasi bilan hamkorlik qiladi.

Tramp Pentagon rahbari lavozimida “Fox News” boshlovchisi, Guantanamo, Iroq va Afg‘onistonda xizmat qilgan armiya faxriysi Pit Xegsetni ko‘ryapti.

— Pit qattiqqo‘l, aqlli va Amerika hamma narsadan ustunligiga chin dildan ishonadi, — dedi u.
Bundan tashqari Tramp ichki xavfsizlik vaziri tayinlanganini ham e’lon qildi — bu kursini Janubiy Dakota gubernatori Kristi Noem egallaydi. Donald uni “chegara xavfsizligi masalasida juda kuchli” deb atab, gubernator sifatida Milliy gvardiya qo‘shinlarini Texas va Meksika chegarasiga yuborganini esladi. Noem o‘shanda immigratsiyani kun tartibidagi asosiy bandga aylantirgan va Bayden ma’muriyatining bu boradagi siyosatini keskin tanqid qilgan.

Ilon Mask saylov oldi kampaniyasi davrida  Tramp atrofidagi “muhim shaxs”ga aylandi. U o‘zi tanlagan nomzodga mablag‘ bilan yordam berdi. Ko‘p vaqtni birga o‘tkazgan bu ikki do‘st, ma’lumotlarga qaraganda, siyosatchining kadrlar bo‘yicha qarorlariga ham ta’sir ko‘rsata boshlagan. Shuningdek, kamida ikki xorijiy yetakchi bilan telefon qo‘ng‘irog‘ida Trampning yonida bo‘lgan.