O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bir qator bojxona va ijtimoiy soha ob’ektlarida bo‘ldi.

Dastlab “Dovut-ota” chegara bojxona postida amalga oshirilayotgan qurilish-rekonstruksiya ishlari bo‘yicha mas’ullar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz farmoni bilan hozirda ushbu postga tutash hududda 6 gektar maydonda bojxona terminali qad ko‘tardi. Uchrashuvda mazkur bojxona terminalini to‘liq ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

Qurilishning navbatdagi bosqichida chegara-bojxona postining o‘zi qaytadan bunyod etiladi. Post o‘z faoliyatini uzluksiz davom ettirishi uchun terminal hududida yo‘lovchilar va transport vositalarining harakati uchun vaqtinchalik yo‘laklar tashkil qilinmoqda.

Bunday vaziyatda post orqali harakatlanayotgan yo‘lovchilar va haydovchilar uchun qulay sharoitlarni yaratish bilan bir qatorda bojxona nazoratini ham qat’iy ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida Qorao‘zak tumanini har tomonlama jadal rivojlantirish, aholi turmush sharoitlarini yanada yaxshilashga Bojxona qo‘mitasi mas’ul etib belgilangan. Shu boisdan qo‘mita raisi mazkur tumanda bo‘lib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli bilan yaqindan tanishdi. Ishlab chiqarish va sanoat zonalari, tumanning drayver sohalari o‘rganildi. Orolbo‘yining chekka tumanlaridan biri hisoblanuvchi Qorao‘zakda 54,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi. So‘nggi tahlillarga ko‘ra tumanda 1,4 ming nafar ishsiz bor. Shu sababli asosiy e’tibor yil yakuniga qadar va kelgusi yilda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishga qaratiladi.

Navbatdagi manzil Chimboy tumanidagi Do‘stlik mahallasi bo‘ldi. Kelgusi yilda bu yerda bojxona organlarining hissasi bilan 330 o‘rinli yangi maktab quriladi. Qo‘mita raisi ushbu qurilish loyihasi bilan tanishar ekan, yangi maktab va uning sport zali murakkab iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda o‘z vaqtida va sifatli tarzda bunyod etilishi lozimligini ta’kidladi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.