Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida investitsiya dasturi asosida 5,9 milliard so‘m mablag‘ evaziga 330 o‘ringa mo‘ljallangan maktab foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida tuman sektor rahbarlari, faollar hamda ota-onalar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Ayniqsa, maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylanib, bu borada tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

Sohada olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida Beruniy tumanida 2024 yilning o‘zida bir qancha ta’lim-tarbiya dargohlarida qurilish, ta’mirlash ishlari olib borilayotgani bu sohaning naqadar muhimligi, ilmga, bilimga berilayotgan e’tiborning yuksakligini belgilab berdi. “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan yuksak g‘oya asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Maktab 1982 yilda hashar yo‘li bilan qurilgan hamda 240 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 26 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya berib keldi. Bir qavatdan iborat bino talabga javob bermas, shunga qaramasdan ilmga chanqoq o‘quvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatgichlari tuman darajasida yuqori edi. Mazkur maktabni 2022/2023 o‘quv yilida 17 nafar o‘quvchi bitirib, shundan 15 nafari oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan o‘quv yilida 17 nafar bitiruvchidan 16 nafari talabalik baxtiga erishdi.

Amalga oshirayotgan islohotlarning barchasi ertangi kunimizda farzandlarimizning farovon yashashi, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishi, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlardir. Shu kuni maktab atrofini obodonlashtirish maqsadida “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida manzarali ko‘chatlar ham ekildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.