Tanlovning tuman bosqichi o‘tkazildi

Kegeylida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati yo‘nalishlarda yuksak yutuqlarga erishib kelayotgan iqtidorli qizlar ishtirok etdi.

Tanlovda ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘zaro bahslashdi va hakamlar tomonidan eng munosiblari aniqlandi.

G‘oliblar Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma oldi.

Qonliko‘lda “Do‘stlik bog‘i” barpo etildi

Qonliko‘l tumanida “Do‘stlik uchun” shiori ostida ko‘chat ekish tadbiri tashkil etildi.

Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda turli millat vakillari ishtirok etdi. 16 noyabr – “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” munosabati bilan yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik va millatlararo totuvlikni hamda diniy bag‘rikenglikni keng targ‘ib etish, yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish hamda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yaratish bo‘yicha qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Tadbirda do‘stlik va hamjihatlikni, bir-biriga hurmatni mustahkamlashga qaratilgan fikr-mulohazalar bildirilib, ezgu niyat bilan manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi.

Aholiga savdo yarmarkasi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Qo‘ng‘irot tumani hokimligi tomonidan “Qo‘ng‘irot dehqon bozori”da arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.

Aholining kundalik hayotida eng zarur bo‘lgan go‘sht, un, tuxum, shakar, o‘simlik yog‘i narxlarining sun’iy ravishda oshirilmasligi, bozorda eng zarur, ko‘p ishlatiladigan mahsulotlarning narxlari tegishli idoralar tomonidan nazorat qilinmoqda.

Savdo yarmarkasida tumandagi fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari arzon narxlarda sotilmoqda.  Hudud aholisi go‘sht, guruch, meva-sabzavot mahsulotlarini arzon narxlarda xarid qilish imkoniga ega bo‘lganidan mamnun.

Dovud Abibullayev

O‘zA muxbiri.