Nukusdagi Kino-konsert zalida Tibbiyot xodimlari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etib, soha xodimlari va faxriylarni kasb bayrami bilan tabrikladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun!” degan g‘oya ostida keng ko‘lamli ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Darhaqiqat, o‘tgan qisqa davr mobaynida sohaga doir qator farmon va qarorlar qabul qilingani, zamonaviy tibbiyot muassasalari barpo etilgani va sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib borilayotgani, tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani hayotimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, joriy yilning avgust oyida Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining yangi binosida bo‘lib, soha vakillari bilan uchrashib, muloqotlar olib borganligi, ushbu davolash muassasasida ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etish bo‘yicha taklif bildirgani, shuningdek, kelgusi yilda Qoraqalpog‘istonda ijtimoiy soha, infratuzilma uchun 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish va shu jumladan, 7 ta tibbiyot muassasasini yangidan qurish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab bergani xalqimizga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasidir.
Shuni ham faxr bilan aytish kerakki, ilgari Toshkent shahriga va xorijiy davlatlarga borib bajarib kelingan murakkab jarrohlik amaliyotlari bugungi kunda Nukus shahrida amalga oshirilmoqda. Shunday ekan, davlatimiz rahbarining: “Toshkentda mavjud barcha zamonaviy tibbiy xizmatlar Nukusda ham yo‘lga qo‘yiladi” degan so‘zlari bugun amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Albatta, aholiga ko‘rsatilayotgan sifatli tibbiy xizmatlarni zamonaviy tibbiyot muassasalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois yurtimizda har yili tibbiyot sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlariga qulay sharoitlar yaratish masalasiga katta e’tibor qaratilib kelinmoqda.
Birgina joriy yilning o‘zida Nukus shahrida 8-sonli oilaviy poliklinika yangi binosi foydalanishga topshirilgani, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi xodimlari yangi binoda ish boshlagani, Taxiatosh tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq majmuasi binosi qurib bitkazilgani, Respublika tez yordam markazining hududiy filiali, Beruniy tumanida Perinatal markaz, Amudaryo tumanidagi tug‘ruq majmuasining yangi binosi foydalanishga topshirilgani soha hayotida yuz bergan muhim voqealardir. Bundan tashqari, joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida Nukus shahri, Sho‘manay, Ellikqal’a, To‘rtko‘l, Amudaryo va Beruniy tumanlaridagi 6 ta sog‘liqni saqlash ob’ektida 46 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mahalliy byudjet mablag‘i hisobidan 4 ta tibbiyot ob’ektida 14 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Yuqoridagilar bilan bir qatorda Nukus shahrida Birlashgan Arab Amirligining “Shayx Xalifa” jamg‘armasi tomonidan qiymati 28 million dollarlik “Ona va bola” klinikasining qurilish ishlari yakunlanishi arafasida turibdi. Tibbiyot muassasalarini 1 ming 532 ta kompyuter texnikasi bilan ta’minlash uchun Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining maxsus qarori asosida 11 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. O‘z navbatida bunday xayrli ishlar soha faoliyatini yanada takomillashtirishda va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda bayram munosabati bilan soha fidoyilariga faxriy unvonlar, ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar topshirildi.
Tantanali tadbir san’at ustalari konserti bilan yanada fayzli bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari