Amerika Qo‘shma Shtatlari birinchi saylov uchastkasi Nyu-Gempshir shtatidagi aholi manzilida ochildi va yopildi. CNN xabariga ko‘ra, bu yerda nomzodlar teng miqdorda ovoz olgan.

Vitse-prezident Kamala Xarris va sobiq prezident Donald Tramp Diksvill-Notch kichik hamjamiyatida uchtadan ovoz oldi. Bu hudud shu tariqa mamlakatda saylov kuni boshlanishini nishonlab, o‘z ustunligini namoyon qildi.

Shimolda, AQSH-Kanada chegarasi yaqinida joylashgan, shahar maqomiga ega bo‘lmagan mazkur jamoat saylov uchastkasi 1960 yildan beri har bir saylovda mahalliy vaqt bilan yarim tun – mamlakat bo‘yicha eng erta ochilib, ovoz berish tugagach, darhol yopilishi bilan mashhur.

Ovozlar tezkor sanalib, natija shu zahoti e’lon qilinadi. Ayni jarayon har safar jurnalistlar e’tiborini tortadi. Bu gal Tramp va Xarris bir xil ovoz to‘plaganiga qaramay, mahalliy to‘rt nafar aholi o‘zini Respublikachilar partiyasi tarafdori, deb hisoblaydi. Ikki fuqaro esa hech bir nomzodni afzal ko‘rmagan. 2023 yildagi ma’lumotga ko‘ra, qishloqning saylovda qatnashish huquqiga ega bor aholisi aynan shu olti kishi.

Eslatib o‘tamiz, bugun 5 noyabr kuni AQSHda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tmoqda. Muddatidan oldin ovoz berish allaqachon boshlangan, ko‘plab saylovchilar pochta orqali o‘z tanlovini bildirib bo‘lgan.