Bugun AQSHda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi vaqti yaqinlashar ekan, dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari ehtimoliy g‘olib haqida turli bashoratlarni ilgari surmoqda.
“The New York Times” gazetasining ta’kidlashicha, Kamala Xarris va Donald Tramp o‘rtasidagi poyga o‘ta keskinligicha qolmoqda, so‘rovlarda minimal farq bor. Nashrning yozishicha, saylov natijasi asosiy “o‘zgaruvchan” shtatlardagi natijalarga bog‘liq bo‘ladi.
“BBC News” xabariga ko‘ra, Tramp Xarrisni yetti “tebranuvchi” shtatdan beshtasida mag‘lub etib, saylovlarda g‘alaba qozonishi mumkin. Biroq hozircha vaziyat noaniqligicha qolmoqda va ko‘p narsa saylovchilarning ovoz berish kunidagi ishtirokiga bog‘liq bo‘ladi.
“Financial Times” nashri bugun bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidentlik saylovlarida Donald Tramp yoki Kamala Xarris g‘alaba qozonishini bir necha shtatlardagi kichik g‘alabalar belgilab berishini aytmoqda.
“CNN” ta’kidlashicha, Xarrisning umummilliy so‘rovlarda kichik ustunligiga qaramay, Tramp Pensilvaniya va Jorjiya kabi bir qancha asosiy shtatlarda yetakchilik qilmoqda. Qayd etilishicha, 2016 va 2020 yillardagi kabi prognozlardagi tarixiy xatolar ayni bashoratlarni birmuncha qiyinlashtiradi.
“Euronews”ning ma’lum qilishicha, ayni paytda butun dunyoning nigohi AQSHdagi prezidentlik sayloviga qaratilgan, chunki ovoz berish natijasi to‘rt yil oldingi ovoz berishdan keyin bo‘lgani kabi norozilik namoyishlari va huquqiy muammolarga olib kelishi mumkin.
“Deutsche Welle” nashrining yozishicha, joriy yilgi saylovlar AQSH tarixidagi eng murakkab saylovlardan biridir. Unga ko‘ra, ikkala nomzod ham g‘olib bo‘lish uchun teng imkoniyatga ega lekin g‘alabaga ko‘proq Tramp yaqin turibdi.
“Al Jazeera” nashri qizg‘in prezidentlik kampaniyasidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab millionlab saylovchilar saylov kuni ovoz berishga hozirlik ko‘rmoqda, deb yozdi. Natijalarda asosan Pensilvaniya, Shimoliy Karolina va Michigan kabi shtatlar hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Shunday qilib, dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari 2024 yilgi AQSH prezidentlik saylovlari juda raqobatbardosh va oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘lib qolayotganini aytishmoqda. Ayni vaqtda kim g‘alaba qozonishi esa ba’zi shtatlarga bog‘liq bo‘ladi.
O‘tkir Mirzo tayyorladi, O‘zA