Shanxayda bo‘lib o‘tayotgan 7-Xitoy xalqaro import ko‘rgazmasiga tashrif buyurgan mamlakatimiz Bosh vaziri Abdulla Aripov kecha Xitoy Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashdi. “China Daily” nashri mazkur uchrashuv tafsilotini batafsil yoritdi.

O‘zaro munosabatlarga to‘xtalib o‘tgan mezbon mulozim ikki davlat rahbarlari joriy yil ikki marta uchrashgani, umumiy kelajak sari intilayotgan Xitoy va O‘zbekiston hamjamiyatini barpo etish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilganini ta’kidlagan.

– XXR O‘zbekiston bilan mavjud mushtarak anglashuvlarni aniq harakat va hamkorlik natijasiga aylantirib, xalqlarimizga ko‘proq foyda keltirish uchun harakat qiladi, – dedi Li Syan. – Davlatlarimiz o‘zaro munosabatlarga doimo strategik, uzoq muddatli istiqbol nuqtai nazaridan qarashi, bir-birining asosiy manfaatlari va tashvishlariga taalluqli masalalarda sherigini qat’iy qo‘llab-quvvatlashi, ishonchli do‘st va hamkor bo‘lishi kerak. Mamlakatlarimiz rivojlanish strategiyalarini yanada uyg‘unlashtirishi, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishi, aloqa infratuzilmasi qurilishini kuchaytirishi, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini “Bir makon, bir yo‘l” doirasidagi eng muhim loyihaga aylantirishi kerak. Shuningdek, bu jarayonda yangi energiya, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, transchegaraviy elektron tijorat, 5G va yashil konchilik kabi rivojlanayotgan tarmoqlardagi sheriklik salohiyatidan foydalanishimiz juda muhim.

Suhbat davomida XXR tomoni mamlakatimiz bilan madaniyat, ta’lim, turizm va kambag‘allikni qisqartirish kabi sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga tayyorligini bildirdi.

O‘z navbatida hukumatimiz rahbari Xitoyning yutuqlari va jahon miqyosidagi ta’siri ortib borayotganiga yuqori baho berib, ayni dam bu taraqqiyot dunyo ahli uchun manfaatli bo‘layotganini e’tirof etdi.

– O‘zbekiston “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi hamda savdo, sarmoya, energetika, ishlab chiqarish, aloqa, kadrlar almashinuvi, transport va logistika sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyor, – dedi jumladan A.Aripov.

Shuningdek, O‘zbekiston Bosh vaziri “uch yovuz kuch”– terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi birgalikda kurash olib borilishini ta’kidlab, davlatimiz O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish uchun SHHT va “Xitoy – Markaziy Osiyo” mexanizmi doirasida munosabatlarni o‘zaro muvofiqlashtirish hamda hamkorlikni kuchaytirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Musulmon Ziyo, O‘zA