Joriy yilning 26 oktyabr – 3 noyabr kunlari Chernogoriyaning Petrovas shahrida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi shaxmatchilar o‘rtasida IBSA jahon chempionati o‘tkazildi. O‘zbekiston terma jamoasi ushbu nufuzli musobaqada 4 nafar shaxmatchi bilan qatnashdi va yakunda iste’dodli shaxmatchimiz Ahadxon Kimsanboyev kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Bugun erta tongda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida matonatli para shaxmatchilarimiz tantanali kutib olindi. Mazkur marosimda Sport vazirligi va Milliy paralimpiya qo‘mitasi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sportchilarning oila a’zolari ishtirok etdi.
Kutib olish marosimida mutasaddilar para shaxmatchilarimizni jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan qutladi hamda kelgusi musobaqalarda omad tiladi.
Eslatib o‘tamiz, uchinchi bor tashkil etilgan dunyo birinchiligida sayyoramizning 13 ta mamlakatidan eng kuchli 36 nafar shaxmatchi ishtirok etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA muxbiri