AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Eron Islom Respublikasini Isroil hujumiga javob qaytarmaslikka chaqirish barobarida sionistik rejimni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder dushanba kuni jurnalistlarga “Eronning ehtimoliy harakati yuzasidan taxmin qilishni xohlamayman, razvedka ma’lumoti haqida ham ochiq gapirmayman”, dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika hukumati Eronni Isroil hujumiga javob bermasligi kerakligidan ogohlantirgan.

US urges Iran not to respond to Israeli aggression

– Agar Islom Respublikasi shunday qaror qabul qilsa, biz albatta Isroilning o‘zini-o‘zi himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi mulozim.

Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller ham Erondan javob bermaslikni so‘ragan.

26 oktyabr kuni Isroil Islom Respublikasi tomon aniq va maqsadli havo zarbalari yo‘llagan edi. Hujum deyarli bartaraf etilgan bo‘lsa-da, Eron qarshi javob zarbasi berilishini ma’lum qildi.

Isroil – Eron munosabati darz ketgandan beri G‘arbiy Osiyoda keskinlik saqlanib turibdi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy havo hujumidan so‘ng BMT Bosh kotibi, Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleya raisiga maktub yo‘llab, Isroilning bu kabi qonunbuzarliklari javobsiz qolmasligi, mamlakat xalqaro huquq va BMT nizomi asosida o‘z milliy suverenitetiga qilingan hujumga javob berish huquqidan foydalanishini bildirdi.

Musulmon Ziyo, O‘zA