Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida sambo bo‘yicha faxriylar o‘rtasida yakunlangan jahon chempionatida mamlakatimiz vakillari 13 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Uch kun davomida o‘tgan bellashuvlarda xalqaro sambo olamida sport ustaligiga erishgan 35 yoshdan yuqori bo‘lganlar g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

7 ta yosh toifasidagi murosasiz bellashuvlarda o‘zbekistonlik faxriy sambochilar 4 ta oltin, 1 ta kumush, 8 ta bronza medaliga ega chiqdi.

Sambochilarimizdan Baxtiyor Hakimov, Sulton Isoqov, Ixtiyor Muhiddinov va Xayrillo Nasrullayev oltin, Sobir Xo‘jayev kumush, Muhiddin Soliyev, Ruslan Boltayev, Tilepbay Bodbayev, Hakimboy Jumaniyozov, Akbar Jo‘rayev, Asad Samandarov, O‘rol Elmonov va Duysanbay Karimov bronza medalini qo‘lga kiritdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA