Bir hafta mobaynida Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida gandbol bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston chempionatining 3-davra bahslari bo‘lib o‘tdi.

Ayollar birinchiligining so‘nggi kunida Olmaliqning OKMK va Xorazm viloyati jamoalarining qarama-qarshiligi tom ma’noda markaziy uchrashuvga aylandi.

Shiddatli kechgan bahsda xorazmlik mahoratli murabbiy Mansurbek Bobojonovning shogirdlari g‘alabaga bo‘lgan irodasini namoyish etib, o‘z tarixida ilk bor raqibalarini 37:33 hisobida mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘ldi.

Aytish lozim, OKMK jamoasi shu paytgacha har qanday musobaqada ham xorazmliklarni mag‘lubiyatga uchratib kelayotgan edi. Nihoyat, vohalik qizlar bu an’anaga chek qo‘ydi.

Ayollar birinchiligi 3-davra yakuni bo‘yicha 1-o‘rin OKMK (10 ochko), 2-o‘rin Toshkent sh. (10 ochko), 3-o‘rin Xorazm (10 ochko), 4-o‘rin Samarqand (4 ochko), 5-o‘rin Qoraqalpog‘iston (4 ochko), 6-o‘rin Namangan (2 ochko) va 7-o‘rin O‘zbekiston yoshlar t.j.-2004 (0 ochko)ga nasib qildi.

Erkaklar birinchiligi 3-davra yakuniga ko‘ra Xorazm 16, OKMK 14, Toshkent shahri 10, Qoraqalpog‘iston 10, Farg‘ona 10, Surxondaryo 6, BuxDU (Buxoro) 6, O‘zbekiston yoshlar t.j.-2004 2, O‘zDJTSU (Toshkent v.) 0, Sirdaryo 0, ROPSTTM (Toshkent) 0 ochkolarini qo‘lga kiritdi.

Chempionatning oxirgi davra oldidan erkaklar va ayollar birinchiliklarida mos ravishda OKMK, Toshkent shahri va Xorazm viloyati jamoalari sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda.

Hal qiluvchi davra bellashuvlari joriy yilning 8-15 noyabr kunlari Namangan viloyatida tashkil etiladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA