Namangan shahridagi “Pahlavon” sport majmuasida taekvondo WT bo‘yicha “Uzbekistan Open” xalqaro turnirida ilk g‘oliblar nomi aniq bo‘ldi.
Musobaqaning birinchi kunida erkaklar o‘rtasida Mirdiyorbek Mirayimov, Kamronbek Mansurov, Asilbek Ahmedov, Behruzbek Isayev, Ozodbek Mamadaliyev, Mavlonbek To‘xtasinboyev, Yodgorbek Jo‘raboyev va Marat Mavlonov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ayollar o‘rtasida esa Gulshanoy Ismoilova, Damira Qodirqulova, Laylo Zayniddinova, Madina Mirabzalova hamda Sevinch Hayitova shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur nufuzli musobaqada nafaqat mamlakatimiz, balki Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston, Kanada kabi jahonning o‘ndan ortiq davlatlaridan kelgan 1 ming 400 nafardan ziyod taekvondochilar ishtirok etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA