Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili 2024 yilgi parlament saylovida kuzatilgan soxtalashtirish holatiga doir da’vo yuzasidan Tbilisidagi prokuraturaga chaqirildi. Mamlakat yetakchisi esa tergov idorasiga bormoqchi emas. Bu haqda “Georgia Today” nashri ma’lum qilgan.

– Men prokuraturaga o‘z ishi bilan shug‘ullanishni, prezident bilan siyosiy hisob-kitob qilishdan tiyilishni maslahat bergan bo‘lardim, – deya voqeaga munosabat bildirdi Zurabishvili. – Har kim o‘z vazifasini bajarishi kerak. Men davlat rahbari sifatida faoliyatimni davom ettiraman, prokuraturaga borish niyatim yo‘q.

Mamlakat prokuraturasi 30 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi shikoyatidan so‘ng, tegishli ayblov bo‘yicha tergov boshlagan.

– Salome Zurabishvili saylovda ishtirok etayotgan ayrim siyosiy partiyalar vakillari bilan birga MSKga asossiz ayb qo‘ymoqda va institut obro‘siga putur yetkazishga urinmoqda, – deya bayonot bilan chiqdi asosiy saylov idorasi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ushbu ziddiyatga quyidagicha munosabat bildirgan:

– Gruziyaning ishonchli vakili saylov natijasini tan olishdan bosh tortdi va davlat to‘ntarishiga chaqirib, konstitutsiyaga qarshi chiqdi. Bunday holatda ishdan bo‘shatish va hibsga olish odatiy hol.

O‘.Alimov, O‘zA