Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 iyuldagi “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida oliy o‘quv yurtlarida adabiy-badiiy kecha va turli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “She’rlari qalbimizga muhrlangan shoir” mavzusida adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qoraqalpoq adabiyotining faxri bo‘lgan shoir tavalludining 200 yilligi YUNESKO doirasida xalqaro miqyosda nishonlanadigan yubileylar ro‘yxatiga kiritilganligi har birimizning qalbimizda g‘urur tuyg‘usini uyg‘otganligini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga shoirning bizga meros bo‘lib qolgan asarlarini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish burchimiz ekanligi, bobomizning xotirasini ulug‘lash va yubileyi keng nishonlanishiga hissa qo‘shish oliy baxt ekanligi uqtirildi.
Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘lining XIX asr Qoraqalpoq adabiyoti rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi, chuqur falsafiy mazmunga ega she’rlari haqida talaba-yoshlarga atroflicha tushuncha berildi. Bu kabi adabiy-badiiy kechalarni tashkil etish orqali Qoraqalpoq klassik adabiyotining yirik namoyondasi bo‘lgan ulug‘ shoirning o‘lmas asarlari va boy ijodini talaba-yoshlar orasida keng targ‘ib qilish imkoni yaratilishi bilan birga ularning qalbida ulug‘ ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan mehr-muhabbatni yanada kuchaytirish, mutolaaga bo‘lgan ishtiyoqni oshirish mumkin.
Adabiy-badiiy kecha davomida iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan shoirning ijod namunalaridan parchalar o‘qildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.