Chernogoriyaning Budva shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 13 nafar bokschisi yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning chorak final bahslarida o‘z vazn toifasida Sayfiddin Sobirov, Sobirjon Tastanov, Samandar Olimov, Abdulaziz Jo‘raqulov, Muhammad Azizbek Ismoilov, Jafarbek Shahbozov, Akmaljon Isroilov, Halimjon Mamasoliyev va Shahzod Polvonov yigitlar o‘rtasida, Jasmin Tohirova, Oysha Toirova, Ruxshona Parpiyeva hamda Sobiraxon Shahobiddinova qizlar orasida muvaffaqiyat qozondi.
Ma’lumot o‘rnida: bugun, 31 oktyabr kuni jahon chempionatining dasturidan yarim final janglari o‘rin olgan. Yana shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, IBA tomonidan havaskor boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tayotgan mazkur chempionatning mukofot jamg‘armasi 500 ming AQSH dollarini tashkil qiladi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, musobaqada chorak finalga yo‘l olgan barcha bokschilar ming, bronza medali sohiblari 2 ming, kumush medali egalari 4 ming, jahon chempionlari esa 8 ming AQSH dollari mukofot puli oladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil Ispaniyada o‘tkazilgan ushbu yosh toifasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 5 ta oltin, 3 kumush va 2 bronza jami 10 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rindan joy olgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA