Namangan shahridagi “Pahlavon” sport majmuasida yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan taekvondo “WT” bo‘yicha “Uzbekistan Open” xalqaro turniriga start berildi.

Xalqaro taekvondo federatsiyasi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, respublika Sport vazirligi, Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur nufuzli musobaqada nafaqat mamlakatimiz, balki Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Koreya Respublikasi, Hindiston, Kanada kabi jahonning o‘ndan ortiq davlatlaridan kelgan 1 ming 400 dan ziyod sharqona yakkakurash ustalari g‘oliblik uchun tatamiga chiqadi.

O‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi bellashuvlar 36 kilogrammdan +87 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifalarida o‘tkazilmoqda. Bahslarni Tunis, Eron Islom Respublikasi, Bahrayn, Koreya Respublikasi, Iordaniya kabi xorijiy mamlakatlardan taklif etilgan malakali hakamlar guruhi baholab bormoqda.

– Birinchi marotaba Namanganda tashkil etilayotgan jahon darajasidagi ushbu xalqaro turnirning ahamiyati sportchilar uchun ham, tashkilotchilar uchun ham muhim ahamiyatga ega, – deydi Xalqaro taekvondo federatsiyasining tashkiliy delegatsiyasi vakili Tavfiq Nasir. – O‘zbeklar mehmondo‘st xalq ekanligiga bizlarni kutib olish jarayonlarida yana bir bor amin bo‘ldim. Musobaqa kutilgan darajada yuksak saviyada o‘tadigan bo‘lsa, biz Osiyo chempionati yoki Osiyo o‘yinlari maqomidagi musobaqalar mezbonligini Namangan shahriga berish borasida takliflarimizni kiritishimiz mumkin.

E’tiborlisi, musobaqada g‘olib bo‘lganlar “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun 10 ballik reyting ochkolarini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, xalqaro ochiq turnirda Osiyo chempionati, Osiyo o‘yinlari, jahon chempionati, jahon kubogi, gran-pri turkumidagi nufuzli musobaqalarda g‘olib chiqqan iqtidorli taekvondochilarimiz O‘zbekiston sharafini himoya qilishmoqda.

Jumladan, Namangan shahridagi Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi tarbiyalanuvchisi, xalqaro toifadagi sport ustasi Asadbek Soataliyev “Uzbekistan Open”dagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. U joriy yilning sentyabr oyida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidagi zafarli yurishini yurtimizda munosib davom ettirishga astoydil ahd qilgan.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.