Poytaxtimizdagi «JAR» sport-sog‘lomlashtirish majmuasida ushu sport turining sanda va taolu yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bellashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Turli yosh toifalari o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan jami 1400 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda.
Musobaqaning ilk kunida 7-12 yoshlilar o‘rtasida sanda bellashuvlari o‘tkazildi.
Shu kuni kubok bahslarining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston ushu federatsiyasi raisi Ravshan G‘aniyev hamda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
Shuningdek, bugun taolu yo‘nalishi bo‘yicha ham bellashuv bo‘lib o‘tdi. Unda jahon chempionati ishtirokchilari va sovrindorlari Azizbek Turg‘unboyev, Abduvohid Mirvohidov, Abduhamid Odilov, Avazbek Mahamadjonov va Saydullo Abdurashidovning ishtirok etayotgani musobaqaning nufuzli ekanligini bildirib turibdi.
Kubok g‘olibi va sovrindorlari nomi ertaga ma’lum bo‘ladi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA