2025 yil uchun Davlat byudjeti bo‘yicha qonun loyihasida qayd etilishicha, mamlakatimizda 2025 yilda mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish uchun ular ixtiyorida qoladigan soliq tushumlarini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Bu yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i, aylanmadan soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobiga amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda transfert oluvchi tumanlar soni 188 tani tashkil etdi. 2025 yilda bu ko‘rsatkich mahalliy byudjetda qoladigan soliqlar miqdorini oshirish orqali 110 tagacha kamayishi kutilmoqda.
Tuman byudjetlariga transfert miqdori 2024 yilda 18,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 7,8 trillion so‘mgacha kamayadi. Bu orqali tuman xarajatlaridagi transfertlarning ulushi hozirgi 48 foizdan 21 foizgacha pasayadi. Tuman byudjetlari daromadi esa hozirgi 19,9 milliard so‘mdan 29,3 milliard so‘mgacha oshadi.
Hozirda tuman byudjetiga quyidagi soliqlardan tushgan mablag‘lar yo‘naltirilmoqda: YATTlardan daromad solig‘i, jismoniy shaxslarning mol-mulki ijarasidan daromad solig‘i, ulardan olinadigan mol-mulk va yer soliqlari, noruda qurilish materiallari bo‘yicha nedra solig‘i, suv resurslari solig‘i.
2025 yildan boshlab quyidagi tushumlar ham tumanda qoldiriladi: jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining kamida 50 foizi, aylanma solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan yer va mol-mulk soliqlari (yirik soliq to‘lovchilar tushumlaridan tashqari), davlat mulki ijarasidan daromadlar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetiga, viloyat byudjetlariga va Toshkent shahar byudjetiga quyidagilar to‘liq hajmda o‘tkaziladi: yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar); yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i (yirik soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan soliqlar); benzinni, dizel yoqilg‘isini va gazni yakuniy iste’molchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘i; tamaki mahsulotlari (import orqali kirgan mahsulotlardan tashqari) uchun aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlar (1 iyul holatiga ko‘ra aholisi sonining respublika aholisi sonidagi ulushiga muvofiq).
Bunda daromadlar bo‘yicha prognozning bajarilmagan qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasining byudjetiga, viloyat byudjetlariga va Toshkent shahar byudjetiga respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi, daromadlar bo‘yicha prognozning oshirib bajarilgan qismi esa respublika byudjeti ixtiyorida qoladi.
Soliqlar Qoraqalpog‘iston byudjetiga, viloyat byudjetlariga va Toshkent shahar byudjetiga quyidagi ulushlarda o‘tkaziladi: jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tushgan tushumlarning (jismoniy shaxslar mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan to‘laydigan, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘laydigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tashqari) Navoiy viloyatida 66 foizi, Toshkent viloyatida 51 foizi, Toshkent shahrida 12 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foizi o‘tkaziladi.
Shuningdek, foyda solig‘idan tushumlarning (Prezident qarori bilan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq yirik soliq to‘lovchilar, O‘zbekistonda doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshiruvchi norezidentlar, shuningdek norezidentlarning to‘lov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan to‘lanadigan foyda solig‘idan tashqari) Navoiy viloyatida 70 foizi, Toshkent viloyatida 49 foizi, Toshkent shahrida 12 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 100 foizi o‘tkaziladi.
Alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivo (import orqali kirgan alkogol mahsulotlari va pivodan tashqari) uchun ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘lanadigan aksiz solig‘ining Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 5 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda 30 foizi o‘tkaziladi.
Quyidagi daromadlar respublika byudjeti va Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari o‘rtasida taqsimlanadi: davlat bojlari; jarimalar; yig‘imlar; davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushumlar. Davlat aktivlarini sotishdan mahalliy byudjetlarga tushadigan tushumlar tumanlar va shaharlar byudjetlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari o‘rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, tegishli darajadagi mahalliy byudjetlarga ajratiladigan soliqlarni va boshqa turdagi daromadlarni (shu jumladan, ushbu moddaning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan daromadlarni) hamda byudjetlararo transfertlarni taqsimlashga, daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olingan mablag‘larning bir qismini tumanlar va shaharlar byudjetlariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun berishga haqli.
2025 yilgi davlat byudjeti bo‘yicha qonun loyihasida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar kengashlari turar joy va noturar joylar bo‘yicha ijara to‘lovining eng kam stavkalariga nisbatan tuman va shaharlar kesimida, ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab 2,0 gacha oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llashga haqli ekani belgilanmoqda. Bunda Toshkent shahri xalq deputatlari kengashi tomonidan ushbu koeffitsiyent Soliq kodeksida yer solig‘ini hisoblash maqsadlarida belgilangan zonalar kesimida qo‘llaniladi.
Shuningdek, Xalq deputatlari tumanlar va shaharlar kengashlari tumanlar hamda shaharlarning ommaviy dam olishga va (yoki) turizmga ixtisoslashtirilgan ayrim hududlarida mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalariga Toshkent shahri uchun belgilangan miqdorlargacha o‘sib boruvchi koeffitsiyentlarni joriy etishga haqli ekani qayd etilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA