Joriy yil 26 oktyabr kuni ertalab Isroil Eron tomon aniq va maqsadli havo zarbalari yo‘llagan edi. Talafot oqibati, deyarli, bartaraf etilgan bo‘lsa-da, Islom Respublikasi qarshi javob zarbasi, albatta, berilishini ma’lum qildi. Bu holat Vashingtonni ham chuqur xavotirga solgani tabiiy.
Pentagon matbuot kotibi general Patrik Rayder kecha jurnalistlarga “Biz vaziyatni kuzatyapmiz, Eron bilan qarama-qarshilikda Isroilni qo‘llab-quvvatlashga sodiqmiz”, deya bayonot berdi.
– Biz har qanday vaziyatga tayyor bo‘lishimiz kerak, – degan u ayni mavzudagi savolga javob berarkan. – Agar Eron biror aksil chora ko‘rsa, Isroilni yana himoya qilamiz.
Vakil, shuningdek, yaqinda BMT mudofaa vaziri Lloyd Ostin va Isroil urush vaziri Yoav Gallant o‘rtasida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha suhbat o‘tkazganini eslatdi.
Isroil Eronga hujum boshlagandan beri G‘arbiy Osiyoda keskinlik saqlanib qolmoqda. Bu holat global miqyosda qoralanmoqda.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy Isroil tajovuzidan so‘ng BMT Bosh kotibi, Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleya raisiga maktub yo‘llab, xalqaro hamjamiyatga Isroil qonunbuzarliklari javobsiz qolmasligi kerakligi, Eron xalqaro huquq va BMT nizomi asosida o‘z milliy suverenitetiga qilingan hujumga javob berish huquqini saqlab qolishini ochiq aytgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA