Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) prezidentligi uchun saylovlar poytaxtimiz Toshkentda o‘tkaziladi. Bu haqda FIE saytida xabar berildi. Unda aytilishicha, joriy yilning 30 noyabr kuni Toshkentda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) Kongressi bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning 100 dan ziyod mamlakatidan delegatlar ishtirok etadigan kongress davomida qilichbozlik sport turining xalqaro maydondagi rivoji, o‘tkazilayotgan chempionat va turnirlar, yil davomidagi natijalar tahlil etiladi.
Kongressning eng asosiy tadbiri – keyingi to‘rt yillik muddat uchun Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) prezidentligi uchun saylovlar tashkil etiladi.
FIE prezidentligi uchun 103 ta davlatning milliy federatsiyasi Alisher Usmonov nomzodini ushbu lavozimga tavsiya etgan bo‘lsa, shvetsiyalik Otto Drakenberg nomzodi Shvetsiya qilichbozlik federatsiyasi tomonidan ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Usmonov 2008-2022 yillar davomida Xalqaro qilichbozlik federatsiyasiga rahbarlik qilgan. Hozirda FIE prezidentligi vazifasida gretsiyalik Manolis Katsiadakis faoliyat yuritmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA