Xalqaro shaxmat federatsiyasi(FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrifi davomida yana ikki yildan keyin mamlakatimizda o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik hamda poytaxtimizda yoshlar o‘rtasida o‘tadigan “Toshkent-2025” o‘yinlariga hozirlik jarayonlari bilan tanishdi.

Delegatsiya a’zolari 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasini o‘tkazish bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar, tayyorgarlik jarayonlari hamda shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi.

Tanishuv davomida FIDE prezidenti O‘zbekistonda shaxmatning ommaviyligini ta’minlash borasida shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatayotgan alohida e’tibori qisqa fursatda o‘z samarasini berganini ta’kidlab, keyingi 6-7 yillikda O‘zbekiston nafaqat sport, balki barcha sohalarda katta yuksalish sari yuzlanganini e’tirof etdi.

Toshkent shahrida bunyod etilayotgan “Olimpiya shaharchasi” o‘z qamrovi, kommunikatsiya va logistika tizimlarining bir-biriga mutanosibligi jihatdan jahonda professional sport rivojiga beqiyos hissa qo‘shishi shubhasizligini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘smirlar o‘rtasida o‘tadigan “Toshkent-2025” Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida 29 ta sport turi bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tadi.

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA