O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari malaka test sinovlaridan o‘tkaziladi.

Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida sinov jarayonlari boshlandi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, yangi tartibga ko‘ra sinovlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda mutaxassislik fanidan pedagoglarning bilimi (bilish, qo‘llash, mulohaza qilish ko‘nikmalari), ikkinchi bosqichda ularning pedagogik mahoratlari baholanadi. Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi baholanib, mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savoli, ikkinchi bosqichda – pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi. Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi.

Belgilangan mezonlar asosida 56 ta mutaxassislik fani bo‘yicha 3 ta (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) tilda, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun 5 ta (o‘zbek, rus, qoraqalpoq, turkman, qozoq) tilda o‘tkazilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilarining ta’kidlashicha, test sinovlarida 13 ming 609 talabgor pedagogning ishtiroki kutilmoqda.

Aytish lozim, ta’lim sifatini oshirishda o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, bilimi va tajribasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilarning o‘rni beqiyos. Ushbu attestatsiya sinovlari aynan ana shunday malakali o‘qituvchilar sonining ortishi va buning natijasi o‘laroq, mamlakatimizda ta’lim sifatining oshishiga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.