G‘azoda “oq fosfor”dan foydalanilgani to‘g‘risidagi dalil

XJSga taqdim etildi

Isroil G‘azo sektorida “oq fosfor”dan foydalangani hujjatlashtirildi va dalil Xalqaro jinoiy sud (XJS)ga topshirildi, deb yozgan “RIA Novosti” Falastin Prezidenti maslahatchisi Mahmud Al-Habashga tayanib.

– Isroilning G‘azo sektoridagi qonunbuzarliklari, urush jinoyatlari va genotsidga aloqadorligini tasdiqlovchi hujjatli dalillar va ma’lumotlar taqdim etildi, – dedi Al-Habash Qozondagi BRIKS XVI sammitida. –  Jumladan, xalqaro miqyosda taqiqlangan qurollar, xususan oq fosfor ham qo‘llangan.

May oyida XJS prokurori Karim Xon Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun sudgacha bo‘lgan palataga murojaat qilganini aytgandi. Isroil ayblovlarni rad etib, XJS bilan hamkorlik qilishdan bosh tortib kelmoqda.

Urugvayda prezident saylovi yakunlandi

Urugvayliklar kecha prezidentlikka 11 nafar nomzoddan birini tanladi. Birinchi turdayoq  g‘alabani qo‘lga kiritish uchun nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz olishi kerak. Agar hech kim bu dovondan oshib o‘tolmasa, noyabrda ikkinchi davra bo‘lib o‘tadi.

Dastlabki natija tez orada e’lon qilinadi.

Qatarda G‘azo bo‘yicha muzokara boshlandi

Qatar poytaxti Doha shahrida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokara boshlandi, deb xabar tarqatdi CNN.

Qayd etilishicha, bu ikki oydan ko‘p vaqt davomida oliy darajadagi muzokaralarning birinchi davrasi hisoblanadi. Tadbirda AQSH, Isroil va Qatar vakillari ishtirok etmoqda.

Avvalroq Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy Qohira bir necha falastinlik mahbus evaziga garovga olingan to‘rt nafar isroillikni ozod qilish uchun G‘azo sektorida ikki kunlik sulh tuzish taklifini kiritganini ma’lum qilgandi.

Gruziya Bosh vaziri Rossiya bilan munosabat yuzasidan bayonot berdi

News.ru”  nashri yozishicha, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze brifingda Abxaziya va Janubiy Osetiya masalasiga ishora qilib, Gruziya Rossiya bilan diplomatik aloqaga ega emas va munosabat o‘rnatish rejasi ham yo‘q, degan.

2008 yil 8 avgustga o‘tar kechasi Gruziya qo‘shinlari Janubiy Osetiyaga hujum qilgan. Bunnga javoban, Rossiya aholini himoya qilish maqsadida respublikaga qo‘shin kiritgan va besh kunlik jangdan so‘ng Gruziya harbiylari chekinishga majbur bo‘lgan.

O‘sha yil 26 avgustda Moskva Janubiy Osetiya va Abxaziya suverenitetini tan oldi. Gruziya esa bu ikki hududni o‘ziniki hisoblaydi.

Nigeriyada 40 kishi vayrona ostida qoldi

Nigeriya poytaxti Abuja shahri chetida qulab tushgan bino kamida 40 kishini bosib qolgan, deya xabar tarqatdi mahalliy “Punch” gazetasi.

Hozir mahalliy aholi jabrlanganlarni qutqarishga harakat qilmoqda.

Filippinda “Trami” dovuli 110 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Filippinda “Trami” tropik bo‘roni oqibatida 110 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Frans Press” агентлиги mamlakatdagi tabiiy ofatlar uchun mas’ul agentlikka tayanib yozdi.Xabarda kamida 42 kishining taqdiri noma’lumligi ham ma’lum qilingan.

Dovuldan jabr ko‘rganlar soni 4,4 milliondan oshadi, bir necha yuz ming kishi evakuatsiya markazlariga joylashtirilgan. Ofat hududidagi maktablar, davlat idoralari faoliyati to‘xtatilgan, transport infratuzilmasi izdan chiqqan, o‘n minglab odam manziliga yetolmayapti.

Guruch narxi tushyapti

Hindiston hukumati tomonidan eksport cheklovini yumshatish to‘g‘risida qaror e’lon qilingandan keyin Osiyo mintaqasida guruch narxi so‘nggi 16 yildagi eng past darajaga tushdi.

“Bloomberg” agentligi yozishicha, besh foiz tozalangan Tailand oq guruchi chorshanba kuni qariyb 11 foiz arzonlashgan. Bu 2008 yil may oyidan beri kuzatilgan eng past narx.

Avgustda guruch uchun eng yuqori narxni Vetnam eksportchilari so‘ragan. O‘shanda tozalanmagan bir tonna sholi 575 dollarga baholangan.Xuddi shunday  mahsulot Tailandda 14, Pokistonda 34 dollar edi.

Narxi tushgan bo‘lsa-da, butun dunyo bo‘ylab ekinlarga tahdid soluvchi ekstremal ob-havo sharoiti tufayli boshqa asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi ko‘tarilishda davom etmoqda.

Isroilning Eronga zarbasidan keyin neft narxi 5 foiz arzonlashdi

Bir barrel Brent markali neftning fyuchers narxi 73 dollardan pasaydi, WTI markasi esa 68 dollar atrofida narx belgiladi, deb xabar tarqatdi “Bloomberg” agentligi.

Isroil Erondagi nishonlarga zarba bergach, “qora oltin” narxi 5 foizdan ko‘proq tushib ketdi va bu mintaqadagi jang yumshashi ehtimolini oshirdi.
Shanba kuni Isroil samolyotlari Erondagi harbiy ob’ektlarga hujum qildi. Tehron hududidagi bir necha harbiy baza zarbaga uchragan. Bu harakat oy boshida Eronning Isroilga raketa hujumi uchun o‘ch edi. Binobarin, hujum ko‘lami kutilganidan ancha kamligi aytilmoqda.

S.Rahimov, O‘zA