Saylov natijalari e’lon qilindi

2024 yil 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi fuqarolar faolligida, ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi.
Mamlakatimiz tarixida ilk bor parlament saylovi aralash saylov tizimi — majoritar va proporsional saylov tizimi asosida boʻlib oʻtdi.

Bugun, 28-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida MSK Raisi Z.Nizomxoʻjayev ishtirokida saylov yakunining dastlabki natijalari boʻyicha brifing boʻlib oʻtdi.
Brifingda aytib oʻtilganidek, 15 million 27 ming 529 nafar saylovchi yoki jami saylovchilarning 74,72 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.

Proporsional saylov tizimi boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi — 5 milllion 194 ming 41 ta ovoz bilan 26 ta deputatlik oʻrni, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi — 2 million 812 ming 493 ta ovoz bilan 14 deputatlik oʻrni, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi — 1 million 960 ming 764 ta ovoz bilan 10 ta deputatlik oʻrni, Xalq demokratik partiyasi — 2 million 558 ming 16 ta ovoz bilan 13 ta deputatlik oʻrni, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi — 2 million 420 ming 857 ta ovoz bilan 12 ta deputatlik oʻrniga ega boʻldi.

Majoritar tizim boʻyicha esa Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi — 38 ta, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi — 15, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi — 6, Xalq demokratik partiyasi — 7, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi — 9 ta deputat saylangan.



Jami hisobda Qonunchilik palatasiga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 64 nafar, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 29 ta, “Adolat” SDP jami 21 ta, XDP 20 ta, Ekologiya partiyasidan 16 ta deputat saylandi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA