Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tmoqda.

Saylov jarayonini xalqaro kuzatuvchilar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari bevosita kuzatib bormoqda.

Saylovni kuzatib borayotgan Rossiya jamoat va siyosiy arbobi, tadbirkor, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat dumasi raisining o‘rinbosari Vladislav Davankov bilan suhbatlashdik.

– Rossiyadan deputatlar katta guruhi bilan O‘zbekistondagi saylov jarayonlarini kuzatishga saylov kunidan sal oldinroq kelganmiz, – dedi V.Davankov. – Chunki saylovga tayyorgarlik jarayonlarini ham ko‘zdan kechirdik. E’tirof etish kerakki, saylovga yuqori darajada, sifatli tayyorgarlik ko‘rilgan. Buni Buxoro, Samarqand viloyatlaridagi saylov uchastkalarini ko‘rib, bevosita guvoh bo‘ldik.

Saylov kuni esa Toshkent shahridagi saylov uchastkalarida bo‘lib, jarayonni kuzatib boryapmiz. Ertalabdan beri 6 ta uchastkaga bordik. Aholi saylovda faol ishtirok etmoqda. Birorta qonunbuzarlik holatiga ko‘zimiz tushmadi. Saylovchilar oila a’zolari bilan birga kelib, ovoz bermoqda.

Ikkita saylov uchastkasida elektron ovoz bergan yoshlarni uchratdik. Ular zamon bilan hamnafasligi, yangilikka intilishi ko‘rinib turibdi. Bu juda yaxshi tajriba. Aytib o‘tishim kerakki, nomzodlarning qirq foizi xotin-qizlardan iborat ekani ijobiy ko‘rsatkich. Ayollar har jabhada, siyosatda ham faollik ko‘rsatishadi.

Bugun bo‘lib o‘tayotgan saylov demokratik talablarga to‘la javob beradi. Chunki, hech qanday ta’sir, bosim va provakatsiyalar yo‘q. Xalq o‘z ovozini erkin bermoqda.

Norgul Abduraimova,  

Nosir Haydarov (surat),  

O‘zA