Surxondaryo viloyatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga deputatlar saylovida ishtirok etayotgan xalqaro kuzatuvchilar ham muhim siyosiy kampaniyaga umume’tirof etilgan saylov tamoyillari asosida hozirlik ko‘rilganini qayd etmoqda.

Viloyat hududiy saylov komissiyasida bo‘lgan xalqaro kuzatuvchi (Laos) Kiriya Banchonpakdi saylov jarayonlariga ko‘rilgan tayyorgarlikni munosib baholab, raqamli texnologiyalar imkoniyatidan samarali foydalanilayotgani va bu muhim siyosiy kampaniyada yoshlar faol qatnashayotganini alohida e’tirof etdi.

Xalqaro kuzatuvchini viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonova qabul qilib, Milliy saylov qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati va o‘tgan davrda ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari haqida ma’lumot berdi.

Kiriya Banchonpakdi viloyat hududiy saylov komissiyasi bilan tanishib, binoda komissiya a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari va siyosiy partiyalar hamda o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

– Saylov juda tartibli, uyushqoqlik bilan o‘tmoqda, –dedi Kiriya Banchonpakdi. – Buning uchun joylarda katta tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘ldim. Bu jarayonga raqamli texnologiyalar keng joriy etilgani quvonarli holat. Yoshlarning saylovda faol qatnashayotganini kuzatib, ularga havasim keldi. Chunki, hozir dunyoning aksariyat mamlakatlarida bunday tadbirlarga yoshlarning qiziqishi biroz susayib bormoqda.

O‘zbekiston, xususan, Surxondaryo viloyatida ilk marta bo‘lishim. Toza, ozoda yurt ekan. Menga ob-havosi, go‘zal tabiat manzaralari juda yoqib qoldi. Viloyatdagi qadimiy Fayoztepa, Qoratepa kabi buddizm yodgorliklari bilan tanishib, budda diniga oid tasavvurlarimni yanada boyitganimdan behad quvondim. Xalqingizning mehmondo‘st, samimiy va ko‘ngli ochiqligi iliq taassurot uyg‘otdi.

Janubdagi viloyatda saylov davom etmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri