Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 124 yoshli Biybixon momo Hakimniyazova saylovda ovoz berdi.

429-uchastka saylov komissiyasi a’zolari mamlakatimizdagi eng keksa saylovchi xonadonida bo‘lib, siyosiy jarayonda ishtirok etish imkoniyatini yaratib berdi. O‘z navbatida 1900 yili tug‘ilgan onaxon keksalarga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, yurtimiz tinchligi, aholi farovonligi, farzandlarimizning baxtli kelajagi uchun  duo qildi.

Uchastka saylov komissiyasi raisi Munira Turimbetovaning ta’kidlashicha, hududda 777 nafar aholi ovoz berish uchun ro‘yxatga olingan. Shundan 12 nafar yosh birinchi marta, 26 nafari muddatidan oldin ovoz berdi. Shuningdek, keksa yoshdagi va nogironligi bo‘lgan 7 nafar fuqaroning yashash joylarida ovoz berishi tashkil etildi. Hozirgacha hududdan 580 nafardan ziyod fuqaro, ya’ni jami saylovchilarning 74 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.