Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilgan barcha 654 ta saylov uchastkasida ovoz berish O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari bilan boshlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazining ma’lum qilishicha Orolbo‘yi hududida jami 1 million 5 ming 567 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. Shundan 16-23 oktyabr kunlari 19 ming 798 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi. Saylov kunigacha 18 yoshga to‘lgan 44 ming nafardan ziyod yosh Konstitutsiyada belgilangan saylash huquqidan foydalanib, ilk marotaba ovoz beradi.

– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari shahar Kengashiga deputatlar saylovi bayramona ruhda davom etmoqda, – deydi Nukus shahridagi 20-uchastka saylov komissiyasi raisi Aydar Qayipbergenov. – Hududimizda 2 ming 33 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan hozirgacha 81 nafari ovoz berdi. Shuningdek, 44 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi. Saylov uchastkamizda birinchi marta ovoz beruvchilar 44 nafarni tashkil etadi. Keksa yoshli, betobligi bo‘lgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra saylov uchastkasiga kela olmaydigan 20 nafar saylovchi uyda turib ovoz beradi.

Orolbo‘yidagi saylov uchastkalarida saylovchilarning ovoz berishi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Hozirda, ovoz berish yuqori ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA.