Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev rahbarligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika hududiy maxsus komissiyasi a’zolari ishtirokida majlis o‘tkazildi.
Majlisda joriy yilning 9 oyi mobaynida Orolbo‘yida yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28 taga, yo‘l- transport hodisalari oqibatida tan jarohati olganlar 20 nafarga, vafot etgan fuqarolar soni 8 nafarga oshgan. Bu borada ko‘rilayotgan choralar yetarli samara bermayotganligi tanqidiy muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘tgan davrda “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi ijrosini ta’minlashda ham sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi, dasturda belgilangan ayrim tadbirlar ijrosi ta’minlanmaganligi qayd etildi. Shuning uchun ham belgilangan ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq, manzilli topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri