Bugungi kunda Wikipedia global miqyosda bilimlarni jamlash va ularni bepul taqdim etish maqsadida keng ommaga xizmat qiluvchi eng mashhur platformalardan biri hisoblanadi. Uning global foydalanuvchilari  millionlab bo’lib, dunyoning turli burchaklarida foydalanuvchilar Wikipediani boyitish va yangi ma’lumotlarni qo’shish bilan shug’ullanmoqda. Ayniqsa, bu jarayonda O’zbekiston ham faol ishtirok etmoqda.

O’zbekistonda Wikipedia platformasi so’nggi yillarda katta o’zgarishlarga uchradi. Wikipedianing O’zbek tilidagi bo’limi, “Oʻzbekcha Vikipediya,” tobora ko‘proq foydalanuvchi va ko‘ngilli muharrirlarni jalb qilmoqda. Ushbu jamoatning o’sishiga turli xil tadbirlar va dasturlar katta hissa qo’shmoqda.

Birinchi navbatda, O’zbekistonda so’nggi yillarda ommalashib borayotgan “Wikistipendiya marafoni”ni alohida ta’kidlash joiz. Bu marafon Oʻzbekistonda Wikimedia platformalarini rivojlantirish va sifatli bilimlarni Oʻzbek tiliga tarjima qilish yoki yaratish maqsadida tashkil etilgan. “Wikistipendiya” – bu foydalanuvchilarga nafaqat o‘z bilimlarini oshirish, balki jamoaga hissa qo‘shish uchun ham ajoyib imkoniyatdir.

Wikistipendiya marafoni O’zbekistonda dastlab 2021 yilda  boshlanib, har yili o’z doirasini kengaytirib kelmoqda. Ushbu marafonning maqsadi – Oʻzbek tilidagi Wikipedia kontentini kengaytirish va sifatini oshirish. Har bir ishtirokchi Wikipedia uchun maqolalar yozish, tarjima qilish va mavjud maqolalarni yaxshilash orqali bilimga hissa qo‘shadi. 2024 yilga kelib, marafonning to‘rtinchi davri o‘tkazilmoqda va ishtirokchilar soni yil sayin ortib bormoqda.

Har bir marafon yiliga bir necha oy davom etadi va ishtirokchilarga bilim almashish, yangi mavzularni kashf qilish, turli tillardagi maqolalarni tarjima qilish imkoniyatini beradi. Ayni damda O’zbek tilida mavjud bo‘lmagan yoki yetarli bo‘lmagan kontentni boyitish ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Bu jarayonda ishtirokchilar turli mavzularda, masalan, tarix, madaniyat, sport, san’at va ilm-fan bo‘yicha maqolalar yaratish va tarjima qilish bilan shug’ullanadilar.

2024 yilgi Wikistipendiya marafoni o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Bu yildan boshlab ishtirokchilar soni sezilarli darajada oshib, faqatgina Toshkent shahridan emas, balki butun Oʻzbekiston bo‘ylab ko‘ngillilar ishtirok etmoqda. Ayniqsa, chekka hududlardan, jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Farg‘ona, Samarqand va boshqa viloyatlardan yoshlar bu marafonga qo’shilmoqda. Bu esa Oʻzbekistonning barcha mintaqalarida bilimga bo‘lgan intilish kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Wikistipendiyaning bu yilgi marafonida qator yangiliklar ham joriy qilindi. Marafon qatnashchilari nafaqat yangi maqolalar yaratishi, balki ilgari yaratilgan maqolalarni mukammallashtirishi, ularni ishonchli manbalar bilan boyitishi kerak. Shuningdek, qatnashuvchilar orasida bilim va ko’nikmalarni oshirish maqsadida treninglar va vebinarlar ham tashkil etilmoqda. Bu tadbirlar ularni nafaqat Wikipedia muharriri sifatida, balki ilmiy va tahliliy maqolalar yozish ko’nikmalarini ham rivojlantirishga yordam beradi.

Wikipedia O’zbekistonda nafaqat ma’lumotlar manbai, balki ta’lim jarayonida ham muhim rol o’ynamoqda. Kelajakda O’zbekcha Wikipedia kontentini kengaytirish maqsadida yana ko’plab tadbirlar va loyihalar rejalashtirilgan. Yoshlar va talabalar uchun maxsus platformalar yaratish, universitetlar bilan hamkorlik qilish va ilmiy maqolalar bankini boyitish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Kelgusida Wikipedia Oʻzbekistonda nafaqat bilim almashish platformasi, balki madaniy va ilmiy merosni saqlash va rivojlantirishga xizmat qiladigan vositalardan biri bo‘lib qolishi shubhasizdir.

 

 

Diana Bazarbayeva,

QDU Qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakulteti 4-kurs talabasi

Qoraqalpog’iston axborot agentligi