Cyerbiyada shaxmat bo‘yicha klublar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Yevropa kubogining 5-turida hamyurtlarimiz dona surayotgan “SuperChess” jamoasi Serbiyaning “SK JAVES Modra” shaxmatchilarini 5:1 hisobida mag‘lub etdi.

Nodirbek Abdusattorov Tomas Laurusasdan, Javohir Sindorov Federik Yozefandan ustun keldi.

Ushbu turda Nodirbek Yoqubboyev ishtirok etayotgan “TAJFUN-ŠK Ljubljana” jamoasi esa 5-turda Chernogoriyaning “Elektroprivreda” klubini 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Yoqubboyev Nikita Petrov bilan murosa yo‘lini tanladi. Beshinchi turdan so‘ng barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozongan Chexiyaning “Novy Bor Chess Club” klubi 10 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi. “Turkish Airlines”, “Alkaloid” va “CʼChartres Echecs” klublari hisobida 9 ochko mavjud. “SuperChess” va “TAJFUN-ŠK Ljubljana” klublari esa 8 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 5 hamda 7-o‘rinlarni band etgan.

Bugun, 25 oktyabr kuni 6-turda “SuperChess” “Tuxera Aquaprofit Nagykanizsai Sakk Klub” bilan, “TAJFUN-ŠK Ljubljana” klubi esa “Beer Sheva Chess Club” jamoasi bilan kuch sinashadi.

Eslatib o‘tamiz, 27 oktyabrga qadar davom etadigan Yevropa kubogida 84 ta jamoa ishtirok etmoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA