Amerikaning mashhur “New York Post” gazetasi tahririyati bo‘lajak prezidentlik saylovida sobiq prezident Donald Tramp nomzodini rasman qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.

– Bu yaxshi kelajak foydasiga aniq tanlov, – deb yozgan gazeta tahririyat nomidan.

Jurnalistlar Trampni yoqlash uchun asoso sifatida uning dasturidagi bir necha jihatga ishora qilgan. Jumladan, davlat chegarasi xavfsizligi va to‘g‘ri migratsiya siyosati, shahar xavfsizligi va huquqni muhofaza qilish idoralarini qo‘llab-quvvatlash, past soliqli iqtisodiy siyosat va xalqaro miqyosda Qo‘shma Shtatlarga hurmatni saqlash.

To‘g‘ri, Trampning g‘ayri oddiyligi kamchilik sifatida tilga olingan, biroq sobiq prezidentning davlat rahbari sifatidagi faoliyati natijasiga ijobiy baho berilgan. Ya’ni, avvalgi siyosat amaldagi yetakchi Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Xarris olib borayotgan ishga nisbatan sezilarli darajada samarali bo‘lgani haqida xulosa chiqarilgan.

Bayonotda ta’kidlanishicha, agar Xarris g‘alaba qozonsa, “Baydenizm” yo‘nalishini davom ettiradi.