Pekindagi kutubxonaning dunyoda qiyosdoshi bo‘lmasa kerak. Uni kitob, kitobxonga atab qurilgan qasr deyish mumkin. G‘oyat muhtasham, ammo faqat o‘zigagina xos me’moriy yechimda bunyod etilgan kutubxona yana necha o‘n yillar tursada zamonaviylik kasb etaveradi.

Ikki ming o‘rindig‘i bo‘lgan qasrda hamma narsa, barcha qulaylik bor. O‘quvchilar o‘rindig‘i ulkan binoning ichida to‘rtta tepalikka ustma-ust qatorlashtirib joylashtirilgan. Har bir joyda stol chirog‘i, kompyuter monitori, telefon, boshqa jihozlarni quvvatlantirish uskunalari bor. Har bir qatorlarga o‘taverishda yon devorga monitor qo‘yilgan bo‘lib, kitobxon istagan kitobi kutubxonaning qayerida turganini darhol ko‘rsatadi. Rastalar, qatlamlarda kitoblar mavzu va muallif nomiga qarab taxlangan. Tepaliklar va qatorlar orasidan moviy  oynalardan to‘sib yo‘lak qilingan. Undan yursangiz o‘tirgan kitobxon e’tiboriga tushmaysiz. Har qadamda yumshoq mebellar qo‘yilgan dam olish bo‘linmalari yaratilgan. Bu yerda ko‘zdagi charchoqni qoldiruvchi dizayn ishlangan.

Tepaliklarning bir yonida tunu-kun, ya’ni 24 soat ochiq bo‘lgan kattagina bo‘linma tashkil etilgan. Bu yerdagi ovqatlanish shahobchalari ham 24 soat ochiq. Darvoqe, o‘quvchilar uchun qahva tayyorlab ichiladigan o‘nlab jihozlar qo‘yilgan. Kutubxona tomi tomchi shaklida yopilgan bo‘lib, vaqti-vaqti bilan ochilib turadi.

Pekin xalq kutubxonasining yana bir muhim jihati shundaki, bu yerda sun’iy intellekt bo‘lib, unga istalgan savolingizni berish mumkin. U esa hozirjavob. Darhol siz so‘ragan kerakli ma’lumot, axborot va dalil-u raqamlarni aytadi. Uning “miya”siga jamiki ma’lumotlar joylangan. Kamina ham u bilan muloqotda bo‘ldim va savolimga eng to‘g‘ri javob qaytardi.

Xo‘sh, shunday kutubxonani kitob va kitobxon uchun qurilgan qasr deb to‘g‘ri aytibdilarmi?

Muhammadjon Obidov

Pekin, Xitoy