Toshkentda “Davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi”ning ish boshlashiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Koreya hamkorligida ishlab chiqilgan mazkur loyiha mamlakatimizda davlat xizmatini modernizatsiya qilishga ko‘maklashish, kadrlar salohiyatini boshqarish va rivojlantirish (HRM) bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, pilot vazirliklarda biznes jarayonlarining reinjiniringini (BPR) o‘tkazishga yo‘naltirilgan.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbariyati, Koreya Davlat boshqaruvi instituti (KIPA) mas’ullari, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi ofisi va Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, “Davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi” nomli Q-DEEP loyihasi ishtirokchilari, vazirlik va idoralarning inson resurslarini boshqarish bo‘linmalari rahbarlari qatnashdi.
Ta’kidlash kerakki, Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning 2024 yil 13-15 iyun kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Koreya Personalni boshqarish vazirligi o‘rtasida davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish hamkorlik rejasi bo‘yicha Bitim imzolangan edi. Belgilangan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda “Davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi” nomli Q-DEEP loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihaning ish boshlashiga bag‘ishlangan tadbirda Agentlik direktori o‘rinbosari A.Muhitdinov O‘zbekistonda so‘nggi yillarda davlat fuqarolik xizmati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan yutuqlar, xalqaro hamkorlik masalalari va mazkur loyihaning istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
“Davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi” nomli Q-DEEP loyihasi rahbari Jeong Seok Kang davlat xizmatini rivojlantirish sohasida o‘zaro bilim va tajriba almashish muhimligini ta’kidladi. Bu jarayonda nafaqat Koreya Respublikasi tajribasini o‘zbekistonlik mutaxassislarga o‘rgatish, balki koreys tomonining ham sohada O‘zbekiston tomonidan erishilayotgan yutuq va tajribalarni o‘rganishga ehtiyoji borligini qayd etdi.
Marosim davomida loyihani amalga oshirish rejasi muhokama qilindi. Sessiyalarda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyati, O‘zbekistonda inson resurslarini boshqarish tizimining joriy holati, Koreyaning inson resurslarini boshqarish tizimi, tashkiliy diagnostika vositalari va ulardan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumot uchun: “Davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi” 7 oyga mo‘ljallangan. 2025 yilning aprel oyida yakunlanishi rejalashtirilgan loyiha davomida tadqiqotlar asosida inson resurslarini boshqarish modelini ishlab chiqish, BPR tahlilini qilish uchun so‘rovnoma tuzish, HRM va BPR modelini sinovdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Sevara Zakirova,
Prezident huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi
Axborot xizmati rahbari