Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, dunyodagi ilg‘or metodlarni ta’lim tizimiga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Bu borada Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish, ilmiy asarlaridan foydalanish asosida izlanishlar olib borish, sohani xorijlik yetuk olimlar bilan hamkorlikda tahlil etish ilm-fanda yangi yutuqlarga erishishga poydevor bo‘lishi shubhasiz.

Shu kunlarda O‘zbekiston Milliy universitetida Fransiya, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr, Polsha, Yaponiya, Malayziya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarning olimlari ishtirokida o‘tkazilayotgan “Amaliy matematika va axborot texnologiyalarining dolzarb muammolari – Al-Xorazmiy-2024” mavzusidagi IX xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ham ayni masalalar ko‘rib chiqilmoqda.

Konferensiya davomida Muso al-Xorazmiy va Mirzo Ulug‘bekning boy merosini o‘rganish, targ‘ib qilish, matematika, amaliy matematika, sun’iy intellekt va neyron turlari, axborot xavfsizligi, kompyuter lingvistikasi hamda ta’lim sohalarida olib borilayotgan tadqiqot va ilmiy izlanishlar xususida so‘z yuritilmoqda. Olimlarning mavzu yuzasidan ma’ruzalari tinglanmoqda.

Jahonning yetuk olimlari yig‘ilgan tadbirda fidokorligi, kasbiy mahorati bilan el-yurt o‘rtasida hurmat qozongan professor Mirsaid Oripov 85 yoshlik yubileyi munosabati bilan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Yosh olimlar ishtirokidagi ilmiy konferensiya 11 ta sho‘’baga bo‘lingan holda ish olib bormoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA