Bosh prokuraturada “Iqtisodiy sudlarda prokuror ishtirokining yangi bosqichi va qonunlarni amaliyotga qo‘llash masalalari” mavzusida onlayn seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Unda Bosh prokuratura tegishli boshqarmasi xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Transport, Toshkent shahri va viloyatlar prokurorlarining sohaviy o‘rinbosarlari, tuman (shahar) prokurorlarining sohaviy o‘rinbosarlari va boshqalar ishtirok etdi. Shu bilan birga, tadbirda Oliy sudning iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari hamda hududiy studiyalaridan viloyat va tumanlararo iqtisodiy sud sudyalari ham qatnashdi.

Ma’lumki, joriy yil 30 sentyabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi. Qonun bilan Iqtisodiy protsessual kodeksga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qayd etish lozimki, qonunchilikda sudlarda iqtisodiy ishlar ko‘rilishida prokurorlar davlat manfaatlariga oid aynan qanday toifadagi ishlar ko‘rilishida ishtirok etishi aniq belgilanmaganligi amaliyotda sud muhokamalarida prokuror ishtirokini ta’minlashda muammolarni keltirib chiqargan.

Xususan, Iqtisodiy protsessual kodeksning 49-moddasida prokuror faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki prokurorning da’vo arizasi (arizasi) asosida qo‘zg‘atilgan ishlardagina ishtirok etishi mumkinligi belgilanib, lekin birorta qonunda prokuror qaysi toifadagi iqtisodiy ishlarda ishtirok etishi shartligi nazarda tutilmagan hamda davlat manfaatlariga taalluqli ayrim toifadagi ishlar e’tibordan chetda qolgan.

Yangi qonun bilan qonunchilikdagi ushbu bo‘shliq va nomutanosibliklar bartaraf etildi. Endilikda ushbu qonun bilan sudlarda davlat manfaatiga oid aynan qaysi ishlarning ko‘rilishida prokuror ishtirok etishi aniq belgilandi.

Shuningdek, prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan ishlar bo‘yicha prokuror sud majlisi vaqti va joyi to‘g‘risida belgilangan tartibda xabardor etilmagan bo‘lsa, prokuror ushbu ishlarni suddan talab qilib olib o‘rganishi hamda ular bo‘yicha protest keltirishi mumkin.

Seminar-treningda ma’ruzachilar yuqoridagi prokuror ishtirok etishi mumkin bo‘lgan toifalar hamda ushbu ishlarning ko‘rilishida prokuror e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan holatlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

N.Abduraimova, O‘zA