Samarqandda O‘zbekiston – Qozog‘iston to‘rtinchi hududlararo forumi o‘tkazildi.

Forum ishida ikki davlat hukumati a’zolari, hududlar rahbarlari va tadbirkorlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov hamda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri O.Bektenov davlatlarimiz rahbarlarining samimiy munosabatlari va oqilona tashqi siyosatlari tufayli keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib, barcha sohalarda ijobiy o‘sish kuzatilayotganini qayd etdi.

So‘nggi 7 yil ichida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida o‘zaro savdo aylanmasi deyarli 2,5 barobar o‘sib, o‘tgan yili 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 1100 ga yaqin, Qozog‘istonda esa O‘zbekiston kapitali ishtirokida 3600 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Mavjud zaxiralardan samarali foydalangan holda yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil avgust oyida Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida umumiy qiymati 7 milliard dollarlik shartnoma va bitimlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etilib, bu hujjatlarning ijrosini ta’minlashda hukumatlar va mintaqalar rahbarlari o‘zaro hamkorlikda ish olib borishi zarurligi ta’kidlandi.

Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishda hududlararo aloqalar haqiqiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilayotganini e’tirof etdi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mang‘istau viloyati bilan, Toshkent viloyati Turkiston viloyati bilan, Navoiy viloyati Qizilo‘rda viloyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yaqin aloqalar o‘rnatgan.

Chegaradosh bo‘lmagan hududlar ham o‘zaro aloqalarni mustahkamlab, savdo-sotiq va sanoat kooperatsiya aloqalarini izchil rivojlantirib kelmoqda. Xususan, Toshkent shahri tadbirkorlari Chimkent shahrida maishiy texnika va infuzion preparatlar ishlab chiqarishni boshladi. Samarqanddagi “Azia Metall” kompaniyasi esa Taraz shahrida po‘lat mahsulotini ishlab chiqarish zavodini qurmoqda. Ostonadagi “BI Group” xolding kompaniyasi Toshkent shahrida yirik qurilish loyihalarini amalga oshirayotgan bo‘lsa, “PTC Holding” kompaniyasi Toshkent viloyatida yirik logistika markazini barpo etmoqda.

Hukumat rahbarlari ikki mamlakat mintaqalari va tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga qulay sharoit yaratish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Davlatlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar ham yildan-yilga kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu borada doimiy ravishda O‘zbekiston va Qozog‘istonda madaniyat kunlari, kino, teatr, ilmiy va ijodiy jamoalar, ziyolilar forumlari, o‘quv ko‘rgazmalari, muzey eksponatlari ekspozitsiyalari o‘tkazilmoqda. Joriy yilning o‘zida Ostona shahrida O‘zbekiston kino va san’ati kunlari o‘tkazildi. Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “Lazgi” ikkinchi xalqaro raqs festivalida Qozog‘istonning “Kazыna” raqs ansambli birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan beshinchi “Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari”da O‘zbekiston jamoasi muvaffaqiyatli qatnashib, to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Tomonlar turizm sohasi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri ekanligini qayd etib, sayyohlik xizmatlarini ko‘rsatish va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Bosh vazirlar O‘zbekiston va Qozog‘istonning barcha viloyatlari hamda shaharlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga har tomonlama yordam berishga tayyorligini tasdiqladi.

Forumda hududlararo aloqalarni yanada mustahkamlash va rivojlantirish yuzasidan muhim taklif va tashabbuslar bildirildi. Davlat rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Bir qator vazirliklar va mintaqalar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, birgalikda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

Hududlararo forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev boshchiligida mintaqalar rahbarlari va 200 dan ortiq tadbirkorlar, yirik kompaniyalar vakillari ishtirokida O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmonlari uchrashuvi o‘tkazildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini mintaqalararo darajada ham rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Bunda qishloq xo‘jaligi va agrosanoat tarmog‘i, to‘qimachilik mahsulotlari va xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish, tajriba va texnologiyalar almashinuvi istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan. Sirdaryo viloyatida o‘zaro hamkorlikda “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani tadbirkorlarga bu borada katta imkoniyatlar ochishi alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, to‘rtinchi forum oldidan o‘zbek va qozoq tadbirkorlarining ikki mamlakat hamkor hududlarida bo‘lib, o‘zaro tajriba almashgani natijalari yuqori baholandi.

Uchrashuvda ikki davlat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va tayyor mahsulot yetkazib berish hajmini ko‘paytirishga yuzasidan muzokaralar olib borildi va 30 dan ortiq shartnoma imzolandi. Bundan tashqari, ikki davlat tadbirkorlari o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

– Korxonamiz tomonidan qozog‘istonlik hamkorlarimizga polipropilen qoplar yetkazib beramiz, bu borada yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi Farg‘ona viloyatidagi “Universal savdo saxovati” MCHJ rahbari Akmalxon Abdujalilov. – Bugungi uchrashuvda polimer mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha 1 million dollarlik memorandum imzoladik. Bu loyiha birinchi navbatda ekologik nuqati nazardan juda foydali, ya’ni polimer mahsulotlarning atrof muhitga ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladi. Ikkinchidan, xom ashyoning ko‘pligi va qayta ishlash natijasida yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishiladi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari