“O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida o‘z ishini boshlagan ushbu forumda mahalliy va xorijiy ekspertlar, mutaxassislar ishtirok etdi.

Forum ochilishida O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Urol Yusupov, “UzAssets” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Adam Ilkevichus va boshqalar  dunyoda tog‘-kon sanoatining barqaror rivojlanishi mintaqaviy va xalqaro hamkorlikka chambarchac bog‘liq bo‘lib, ushbu forum bu boradagi aloqalarda amaliy samara berishini ta’kidladi.

Bu yil oltinchi bor o‘tkazilayotgan O‘zbekiston xalqaro kon-metallurgiya forumi tog‘-kon sanoati va metallurgiyaning kelajakdagi landshaftini muhokama qilish va modellashtirish uchun mustahkam platforma bo‘lgan kon sanoatining yillik yirik biznes tadbiri hisoblanadi. Unda O‘zbekiston, Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Polsha, Rossiya, Fransiya, Xitoy, Shveysariya kabi davlatlardan mutaxassislar va ekspertlar ushbu sohalarni rivojlantirish yo‘lida o‘zaro tajriba almashmoqda.

–Aytish joizki, mamlakatimizda yer qa’rini kompleks geologik o‘rganish, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish dasturlarining samarali bajarilishini ta’minlash, yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa tarmoq faoliyatini tizimli tashkil etishda amaliy ahamiyat kasb etyapti. Shu bilan birga, bugungi kunda sohaga oid munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy baza yaratilib, u doimiy takomillashtirilmoqda. Mazkur hujjatlar bilan tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini boshqarish, shu jumladan, mineral xomashyo bazasini ko‘paytirish va yer osti boyliklaridan samarali foydalanish masalalari tartibga solinyapti. Tashkil etilgan forum konlarni qidirish, razvedka qilish va o‘zlashtirish, shuningdek, mineral xomashyoni yanada samarali qayta ishlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar va muhandislik yechimlari bo‘yicha tomonlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim qadamlardan biridir, –dedi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi boshqarma boshlig‘i Maqsud Bolibekov.

Ta’kidlanganidek, mazkur forum dolzarb va ilg‘or mavzular, professional muhokamalar va muhim biznes uchrashuvlariga boy. Unda ishtirokchilar xalqaro va mintaqaviy hamkorlik tamoyillari, muhim resurslar kun tartibi, kon sanoatidagi raqamli yechimlar, konlarni qidirish, razvedka qilish va o‘zlashtirish geotexnologiyasi kabi mavzularda fikr almashdi.

Forum doirasida sanoat hamkorligining milliy va mintaqaviy tamoyillari masalalariga bag‘ishlangan yalpi sessiya ham o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonning tog‘-kon sektorida kooperatsiya va eksportni yaxshilashning ustuvor yo‘nalishlari hamda sanoatni jadal rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy va davlat chora-tadbirlari haqida so‘z bordi.

Shuningdek, “Women in Mining” deb nomlangan maxsus sessiya ishida tog‘-kon sanoatidagi ayollarning roli, ularning sanoatga qo‘shgan hissasi, kompaniyalar samaradorligiga ta’siri va gender tengligi  masalalariga urg‘u berildi.

Ertaga bo‘lib o‘tadigan forumning ikkinchi kunida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, korxonalarni raqamlashtirish, ilmiy innovatsiyalar va uzoq muddatli investitsion loyihalar muhokama qilinadi.

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA