Braziliya BRIKS doirasida ham, kuchli “Yigirmatalik guruh” doirasida ham global boshqaruvni isloh qilish tarafdori. Ayni jarayon nafaqat BMT, balki JST kabi boshqa yirik xalqaro tuzilmalardagi o‘zgarishni ham nazarda tutadi. Zero, ko‘p tomonlama institutlar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

“RIA Novosti” Braziliya Tashqi ishlar vazirligi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha kotibi Eduardo Payes Saboyaning ushbu bayonotini keltirgan.

Mulozim qo‘shimcha qilishicha, ko‘p tomonlama xalqaro kelishuvlarning aksariyati inqirozga uchragan, darz ketgan.

– Umid qilamizki, BRIKS mazkur institutlarni isloh qilish hamda jahon tizimida Birlashgan Millatlar Tashkiloti rolini kuchaytirishga yordam beradi, – deya ta’kidlagan Saboya. – Braziliya BMT Xavfsizlik kengashi tarkibini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlaydi.